2026 yil 7 may kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti Yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasiga O‘zbekiston stomatologlarining VIII Xalqaro ilmiy-amaliy kongressi hamda IDECA-2026 III Xalqaro stomatologiya ko‘rgazmasi doirasida ishtirok etayotgan xorijiy mehmonlar tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida Rossiya Federatsiyasidan kelgan mutaxassislar — Fomenko I.V., Kraevskaya N.S. hamda Soliyev S.S. kafedra professor-o‘qituvchilari, magistrlar, klinik ordinatorlar va talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Kafedramiz klinik ordinatori bemorlarning klinik holati, tashxislash jarayonlari, davolash usullari hamda kuzatuv natijalari bo‘yicha ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruza davomida bemorlarning umumiy ahvoli, olib borilayotgan davolash chora-tadbirlari va klinik tahlil natijalari xorijlik mutaxassislar bilan muhokama qilindi. Shuningdek, murakkab klinik holatlar bo‘yicha tavsiya va takliflar berildi.
Uchrashuv jarayonida yuz-jag‘ jarrohligi sohasidagi zamonaviy diagnostika va jarrohlik usullari, stomatologik kasalliklarni davolashning innovatsion yondashuvlari, xalqaro tajriba almashinuvi hamda ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, mehmonlarga kafedraning o‘quv-ilmiy faoliyati, klinik bazasi va amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida kafedra klinik xonalari, simulyatsion o‘quv markazlari va amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishildi. Xorijiy mutaxassislar tomonidan talabalar va yosh shifokorlarga amaliy tavsiyalar berildi, savol-javoblar asosida qiziqarli muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi hamda kelgusida o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
TDTU Yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi